O‘ZBEKISTON TARIXI

QADIMGI BAQTRIYA PODSHOLIGI

QADIMGI BAQTRIYA PODSHOLIGI

Baqtriya, Baqtriyona, Baxtar zamin Baktriya — Amudaryoning yuqori va o'rta oqimidagi tarixiy viloyat va davlat.

Asosan hozirgi O'zbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlari hamda Afg'onistonning shimimoliy qismini o'z ichiga olgan. Shimolda Sug'd, janubda va janubi-sharqda Araxosiya, Gandhara, g'arbda Margʻiyona bilan chegaralangan. Markaziy shahri Baqtra (Zariaspa) boʻlgan. Baqtriya miloddan avvalgi 6—4-asrlarda Axomaniylar, Aleksandr (Iskandar), Salavkiylar saltanatlari, so'ngra miloddan avvalgi 3-asr o'rtasidan Yunon-Baqtriya podsholigi tarkibiga kirgan, miloddan avvalgi 2-asrda toharlar tomonidan bosib olingach, Toxariston deb atala boshlagan.

Baqtriyada dastlabki arxeologik tadqiqotlar 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Shimol Baqtriya hududida 1926 — 28-yillarda Sharq madaniyati muzeyi (hozirgi Sharqxalqlari san'ati muzeyi) ekspeditsiyasi (rahbari B. P. Denike). 1936 — 38-yillarda Termiz arxeologiya-kompleks ekspeditsiyasi (rahbari M. Ye. Massoy), 1953 — 54-yillarda Tojikiston arxeologiya ekspeditsiyasi (rahbari M. M. Dyakonov), 1950 — 55-yillari O'zbekiston arxeologiya ekspeditsiyasining Surxondaryo otryadi (rahbari L. I. Albaum) arxeologik qazish ishlari olib borgan. 1960-yildan (bir oz tanaffus bilan) O'zbekiston san'atshunoslik ekspeditsiyasi (rahbari G. A. Pugachenkova), 1972-yildan O'zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Baqtriya ekspeditsiyasi (rahbari V. M. Massoy) arxeologik tadqiqotlarni davom ettirdi. Janubiy Baqtriya hududi (Shimoliy Afg'oniston)da fransuz arxeologlari — R. Girshman (1936 - 41), D. Shlumberje (1945 - 64), P. Bernar (1964 — 78), shuningdek sobiq Ittifoq-Afgon ekspeditsiyasi (1970 — 78; I. T. Krutikova, V. I. Sarianidi, G. A. Pugachenkova, R. Sulaymonov, Sh. Pidayev, Z. Hakimov, V. N. Yagodin va boshqalar) qazish ishlari olib borgan.

Avesto, Bihistun kitobalari, Nakshi Rustamdagi kitobalar hamda qadimgi Baqtriya O'zbekistonda dehqonchilik madaniyati taraqqiy etgan va ilk davlat tuzumi vujudga kelgan qadimgi markazlardan biri. Bu yerda miloddan avvalgi 2 ming yillikniig 1-yarmida yoq o'troq dehqonchilik madaniyati mavjud bo'lganligi arxeologik materiallar bilan isbotlangan. Baqtriyaning o'tmishda "Ming bir shahar mamlakati" deb atalganligi unda shaharlarning ko'p bo'lganligidan guvoxlik beradi. Surxondaryoning janubiy tumanlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida ko'plab shahar harobalari topilgan (qarang Ayritom, Dalvarzintepa, Termiz, Xolchayon va boshqalar).

Tarixiy va arxeologik ma'lumotlarga ko'ra baqtriyaliklar belbog'li ko'ylak, cholvor va kuloh kiyishgan, cholvorlarining pochasini uchi yuqoriga qayrilgan etiklarining qoʻnjiga tiqib yurishgan. Baqtriyada asosan oromiy yozuvidan va mahalliy tillardan foydalanilgan. Miloddan avvalgi 6 — 4-asrlarda Baqtriya madaniyati 2 uslubda taraqqiy etgan. Birinchisi, ko'proq ko'chmanchi aholi madaniyati bilan bog'liq bo'lib, adabiyotda "hayvon uslubi" (mehnat va jang qurollari, uy-ro'zg'or buyumlarini turli hayvonlar suratlari bilan bezash) deb yuritiladi. Ikkinchisi, o'troq baqtriyaliklar madaniyati yodgorliklarida aks etgan (qarang Amudaryo xazinasi va boshqalar). Bu davrda metall ishlash sanoati (qarang Dalvarzintepa va boshqalar), me'morlik (qarang Kuchuk-tepa, Qal'aimir va boshqalar), xalq og'zaki ijodiyoti taraqqiy etgan. Baqtriya madaniyati, ayniqsa miloddan avvalgi 1 ming yillikning so'nggi asrlarida yuksalgan (qarang Xotin-rabod va boshqalar). Mahalliy xalq madaniyati yunon, hind va fors madaniyatlari an'analari ta'sirida ham boyigan. Miloddan avvalgi 2 — 1-asrlarda ipakchilik va pillachilik rivojlangan (yana qadimgi Sopollitepa). Bu davrga oid me'morlik yodgorliklari, numizmatika materiallari, tasviriy va amaliy san'at namunalari Termiz, Zartepa, Dalvarzintepa. Qal'ai mir, Xolchayon va boshqa joylardan topilgan. Janubiy Baqtriyadagi Bagram, Balx, Dashli, Dilbarjin, Oyxonim, Oltindiltepa, Xadda (Afg'oniston) va Taksila (Pokiston)da olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu haqdagi ma'lumotlarni yanada boyitdi.