O'ZBEK ZIYOLILARI

Miriy (1830-1899)

Miriy (1830-1899)

Miriy (taxallusi; asl ism-sharifi Ochildimurod Ne’matilla o‘g‘li) (1830 — Kattaqo‘rg‘on—1899) — shoir va xattot. Kattaqo‘rg‘ondagi Naqibxo‘ja va Buxoro madrasalarida o‘qigan. Kalliqo‘rg‘on mavzeida qozilik qilgan (1888).

Miriyning mukammal devoni, ikkita bayozi, qator epik asarlari saqlangan. Miriy ijodining asosiy qismini uning dostonlari egallaydi. «Ra’no va Zebo» (1884) dostonini forsiyda yozgan. Miriy tarixiy voqealar asosida romantik uslubda «Qissai Salim Javhariy» (1887), «Rustam va Suhrob» (1898), «Majdiddin va Faxruniso» (1899) dostonlarida adolatli tuzum, farovon turmush, komil inson haqidagi ilg‘or fikrlari aks etgan. «Gulnoma», «Choynoma» kabi masnaviylarida hayot haqidagi falsafiy-estetik qarashlari o‘z ifodasini topgan.

Miriy Firdavsiy «Shohnomasi»ning bir qismini va Husayn Voiz Koshifiyning «Anvori Suxayliy» asarini she’riy yo‘lda turkiyga tarjima qilgan. Navoiy, Jomiy, Sa’diy va boshqa shoirlarning ayrim asarlarini nash va nasta’liq xatlarida ko‘chirgan.

Miriy g‘azallarida hayot ziddiyatlari, turmushdagi tartibsizliklar, nohaqliklarni tasvirlagan. Hajviy she’rlarida esa riyokor qozilar va mirshablarni fosh etgan. Shoir lirikasi, hajviyoti va epik asarlari yuksak badiiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Miriy asarlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat universitetining asosiy kutubxonasi fondlarida saqlanadi.